44

Koronavirus davrida – Tadbirkorlarlikni kuchaytirish

tadbirkorlik

Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik sub’ektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga imzo chekildi.

Koronavirus pandemiyasi davrida aholini, ayniqsa, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘shimcha ravishda qo‘llab-quvvatlash, ularning daromadlarini ta’minlash, sanitariya-epidemiologik vaziyat yaxshilanishiga qarab ushbu sub’ektlarni jadal qayta tiklash, shuningdek, ish o‘rinlarini saqlab qolish maqsadida:

2020 yil 1 iyuldan 2020 yil 31 dekabrgacha:

  • umumiy ovqatlanish korxonalari va binolarni ijaraga berishga ixtisoslashgan korxonalar aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashmidi;
  • jismoniy shaxslar ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi;
  • mol-mulkini (binolar va avtomobil transporti) ijaraga beruvchi jismoniy shaxslarga soliq maqsadida ijara to‘lovlarining eng kam stavkalarini qo‘llash tartibi to‘xtatib turiladi;
  • ijaraga beruvchilarga 2020 yil uchun ijara to‘lovi miqdorini pasaytirish maqsadida, shu jumladan taqdim etilayotgan soliq imtiyozlarini inobatga olgan holda ijara to‘lovini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi.

2020 yil 1 apreldan 2020 yil 31 dekabrgacha umumiy ovqatlanish korxonalari alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imni to‘lashdan ozod qilinadi.

Prezidentning 2020 yil 19 martdagi «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–5969-son Farmonida belgilangan alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning ajratmalari miqdorini 5 foizdan 3 foizga pasaytirishga doir imtiyoz muddati 2020 yil 31 dekabrga qadar uzaytiriladi. Umumiy ovqatlanish korxonalariga alkogol mahsulotlarini yetkazib berish orqali sotishi mumkin.

Umumiy ovqatlanish korxonalari uchun kichik tadbirkorlik sub’ektlariga tatbiq etilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llagan holda, ularni kichik korxonalar toifasiga kiritish maqsadida 2020 yil 1 iyuldan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari uchun belgilangan xodimlarning yillik o‘rtacha soni 25 nafardan 50 nafarga oshiriladi.

Yangi tartibga muvofiq 2021 yil 1 iyulga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘rnatilgan joylashtirish, qurish va foydalanish bo‘yicha vaqtinchalik talablarga rioya qilgan holda hamda tuman (shahar) hokimliklarini xabardor qilish orqali iste’molchilarga ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun o‘zlariga tutash bo‘sh yer uchastkalarida yengil konstruksiyalarni bepul joylashtirish va qurish huquqiga ega bo‘ladi.

2021 yil 1 iyulga qadar karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab tadbirkorlik sub’ektlariga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan shartnoma tuzmasdan davlat soliq xizmati organlarini savdo muddati, mahsuloti va transport to‘xtashi taqiqlanmagan joylarni ko‘rsatgan holda xabardor qilish orqali avtodo‘kon, avtomagazin, avtotirkama, avtosisterna va fudtraklar orqali savdo qilish huquqi taqdim etilishi belgilangan.

Davlat soliq qo‘mitasi o‘zining rasmiy sayti va mobil ilovalar orqali ko‘chma savdoni boshlash to‘g‘risida elektron xabarnomalarni bepul qabul qilishni ta’minlash topshiriq qilingan.

Vazirlar Mahkamasi ikki kun muddatda umumiy ovqatlanish korxonalarida iste’molchilarga ovqatlanish yoki hordiq chiqarish xizmatlarini ko‘rsatish uchun yengil konstruksiyalarni joylashtirish, qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha vaqtinchalik talablarni tasdiqlaydi, 2021 yil 1 yanvarga qadar xalqaro tajribadan kelib chiqib, umumiy ovqatlanish korxonalarining mavsumiy kafelari ishlashi, shuningdek, ko‘chma savdoni amalga oshirish tartibini tasdiqlaydi.

2020 yilda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan hollarda, soliq to‘lovchilarga soliq hisobotlarini taqdim etish muddatlarini besh kundan oshmagan muddatga kechiktirganlik uchun jarima solinmasligi belgilangan.

Prezidentining 2020 yil 18 maydagi «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–5996-son Farmonida belgilangan quyidagi soliq imtiyozlari va preferensiyalari 2020 yil 31 dekabrga qadar uzaytirilgan:

a) mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilish bo‘yicha berilgan imtiyozlar:

  • kichik tadbirkorlik sub’ektlari;
  • bozorlar va savdo komplekslari, kinoteatrlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, jamoat transporti korxonalari, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari, shuningdek, yo‘lovchi tashish, maishiy xizmatlar ko‘rsatish, binolarni, shu jumladan banketlar o‘tkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun;
  • b) ijtimoiy soliq stavkasini 12 foizdan 1 foizga pasaytirish bo‘yicha mikrofirma va kichik korxonalar uchun berilgan imtiyozlar (aksizosti mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar, davlat korxonalari va ustav jamg‘armasida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno);

v) bojxona organlariga murojaat qilgan kungacha bir yildan kam bo‘lmagan muddat davomida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirayotgan mikrofirma va kichik korxonalarga, keyinchalik kechiktirilgan summani 120 kun mobaynida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan, tovarlarni (iste’mol tovarlaridan tashqari) olib kirishda undiriladigan bojxona boji va aksiz solig‘ini to‘lash muddatini kechiktirish taqdim etish;

g) mikrofirma va kichik korxonalarda 2020 yil 15 may holatiga soliqlar, penyalar va soliq qonunchiligini buzganlik uchun hisoblangan jarimalar bo‘yicha mavjud bo‘lgan qarzdorlikni undirishni to‘xtatish.

Umumiy ovqatlanish korxonalari ijtimoiy soliqning pasaytirilgan stavkasini ishchilarning sonidan qat’i nazar qo‘llaydi.

Vakolatli organlar auditorlar, rieltorlar, baholovchilar, aktuariylar, apteka va ularning filiallari mudirlari, turistik tashkilotlarning ishchilari va gidlar (ekskursovodlar), xorijiy tillarga o‘qituvchilarning 2020 yil 1 martda tugaydigan malakaviy sertifikatlari muddatini navbatdagi malakaviy imtihonlarni o‘tkazish sanasiga qadar uzaytiradi.

«Mahalla» xayriya jamoat fondiga, «Saxovat va ko‘mak» fondiga, «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga, shu jumladan ularning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi bo‘linmalariga beg‘araz yordam berish (beg‘araz yordam olish) qismida foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlarning amal qilishi 2020 yil 31 dekabrga qadar uzaytiriladi.

14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, shuningdek, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha onalarga beriladigan nafaqalar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblashda umumiy daromadga kiritilmaydi.

Manba : zamin.uz

Eng ko’p ko’rilganlari

FreeCurrencyRates.com