632

Elektr energiyasi uchun cheklovlar joriy etiladi

elektr

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati energiyasi tizimidagi yirik avariyalarning oldini olish maqsadida respublika iste’molchilariga cheklovlar kiritilayotganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha kiritilayotgan cheklov miqdori 1,5–2,0 mln. kVt•soat.

«Elektr energiyasiga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshayotgan so‘nggi kunlarda, ya’ni joriy yil 21 iyul kunidan boshlab energotizimda ishlab chiqarilayotgan va iste’mol etilayotgan elektr energiyasi orasida nomutanosiblik kuzatilmoqda. Natijada energotizimdagi yirik avariyaviy holatlarning oldini olish va uning barqaror ishlashini ta’minlash (energotizim parametr ko‘rsatkichlarini me’yor darajasida saqlash) maqsadida respublika iste’molchilariga cheklovlar kiritdi.

Respublika bo‘yicha kiritilayotgan cheklov miqdori taxminan 1,5–2,0 mln.kVt•soat ni tashkil etmoqda. Bu kunlik o‘rtacha iste’mol – 195,6 mln. kVt•soatning 0,8–1,0 foizini tashkil etadi», deyiladi «O‘zbekiston MET» AJ axborot xizmati ma’lum qilishicha.

«O‘zbekiston MET» AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek O‘runovning aytishicha, respublika bo‘yicha vaqtinchalik elektr ta’minotidagi uzilishlariga qo‘shni Tojikiston energotizimidan qabul qilinayotgan elektr energiyasida importi hajmining keskin qisqarishi ham sababchi.

«Tojikistonda suv tanqisligi oqibatida joriy yil 16 iyul kuni soat 02:33da kuchlanishi 500 kV bo‘lgan «Regar» va «Surxon» podstansiyalarini bog‘lovchi L-508 havo elektr uzatish tarmog‘i orqali import amaliyoti to‘xtatilgan va import miqdori sutkalik o‘rtacha 12,0 mln.kVt•soatdan 0,3 mln kVt•soatgacha kamaygan.

Shartnomaga asosan elektr energiyasi importi shartnomasi sentabr oyigacha bo‘lganligi sababli issiqlik stansiyalariga iyul oyiga elektr energiyasi importini qoplash uchun yoqilg‘i ko‘zda tutilmagan va elektr stansiyalar uskunalari ta’mirlashi lozim bo’lgan.

Shunga qaramasdan, joriy rejimlarda elektr stansiyalarga shartnomada ko‘zda tutilgan miqdordan 10–12 foiz ko‘p tabiiy gaz yetkazib berilmoqda, aniqrog‘i issiqlik elektr stansiyalarida rejaga nisbatan 8 mln. kVt•soat va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25–30 mln. kVt•soat ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda.

Tojikiston energotizimidan import miqdorining keskin kamaytirilishi «Norak» suv omboriga suv kelishining prognoz ko‘rsatkichlardan kamligi va suv sathining pastligi sababli Tojikistonning «Barki Tochik» kompaniyasi tashabbusi bilan amalga oshirildi», deydi Ulug‘bek O‘runov.

Qayd etilishicha, respublikamizda joriy yilda kuzatilayotgan suv tanqisligi uchun O‘zbekiston gidroelektrostansiyalarida shartnomaviy miqdorga nisbatan kunlik 6-7 mln. kVt•soat, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10–12 mln. kVt•soat kam elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Bu ham, o‘z navbatida, elektr energiyasi tanqisligini yuzaga kelmoqda.

Ulug‘bek O‘runov mavjud holatni barqarorlashtirish maqsadida «Turmenenergo» kompaniyasi bilan elektr energiyasi importi bo‘yicha shartnoma imzolangani, 2020 yilnig 28 iyuldan elektr energiyasi import qilinishi kutilayotganini ma’lum qildi.

manba : zamin.uz

Eng ko’p ko’rilganlari

FreeCurrencyRates.com